
Zararli chigirtkaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston va Tojikistonning chegara hududlarida ikki mamlakat fitosanitar xizmatlari tomonidan hamkorlikda kuzatuv-nazorat ishlari olib borildi. Mazkur jarayonlarda Agentlikning Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Xudoyqulov, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash boshqarmasi bosh mutaxassisi O‘tkir Mirzayev, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va Jizzax viloyatining Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumki, qo‘shni respublika bilan chegaradosh bo‘lgan Jizzax viloyatining Yangiobod va Zomin tumanlari zararli chigirtka o‘chog‘i hisoblanadi. Shu sababli hamkorlikdagi kuzatuv-nazorat tadbirlari O‘zbekiston hududida aynan shu ikkita tumanda, Tojikiston Respublikasida esa So‘g‘d viloyatining Istaravshon shahri, Zafarobod va Shahriston tumanlarida o‘tkazildi.
- Umumiy nazorat qilingan hudud maydoni Tojikistonda 12 ming gektarni, O‘zbekistonda esa 15 ming gektarni tashkil etdi, - deydi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Xudoyqulov. - O‘rganilgan hududlarda marokash chigirtkasi tarqalishi xavfi aniqlanmadi. Potensial xavfga ega maydonlar monitoringi davom etmoqda. Vaziyat nazorat ostida.
O‘tkazilgan nazorat-kuzatuv natijalariga ko‘ra bayonnoma rasmiylashtirildi. Tomonlar:
- chegaradosh hududlarda fitosanitar holat va olib borilayotgan kompleks kurash chora-tadbirlari to‘g‘risida doimiy axborot almashinuvini davom ettirishga;
- favqulotda vaziyat yuzaga kelganda qo‘shni hududga zararli chigirtka bosqinini oldini olishga;
- O‘zbekiston Respublikasining Jizzax viloyati va Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati hududlarida monitoringni kuchaytirishga kelishib olishdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi o‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-5185-son qarori bilan chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan.
O‘zbekistonda 200 dan ortiq chigirtka turi mavjud bo‘lib, ushbu hasharotlar to‘da hosil qiluvchi va to‘da hosil qilmaydigan turlarga bo‘linadi. Mamlakatimizning Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasida 6-8 turdagi to‘da hosil qiluvchi chigirtkalarga qarshi kompleks kurash chora-tadbirlari olib boriladi.
Izoh qoldirish